Mahalla xotin-qizlar faoli lavozimiga saralangan nomzodlarning faoliyatiga samarali kirishish uchun talab etiladigan bilim va ko’nikmalarni shakllantirish va rivojlantirish maqsadida joriy yilning 25-aprel kuni Shirin shahrida o’quv seminar tashkil etildi. Ikki kun mobaynida (25-26-aprel) o’tkaziladigan mazkur seminarda xotin-qizlar faollariga yetarlicha bilim berish maqsad qilib olingan.
Bugun 25-aprel kuni ushbu seminarning birinchi kuni doirasida:
- Xotin-qizlarni qo’llab-quvvatlash bo’yicha davlat siyosati;
- Oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga chora-tadbirlar;
- Hokim o’rinbosarlarining jamoatchilik bilan aloqalarini tashkil etish, jismoniy yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash;
- Boquvchisini yo’qotgan xotin-qizlarning farzandlarini davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olish, ularga belgilangan imtiyozlardan foydalanish;
- Xalq ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik, kam ta’minlangan oilalar, xotin-qizlar va yoshlarni qo’llab-quvvatlash, ularning bilim olish imkoniyatini kengaytirish;
- Turar joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash;
- Hududlarda xotin-qizlar bandligini ta’minlagan tadbirkorlik subektlariga beriladigan imtiyozlar;
- Xotin-qizlarning tadbirkorlik g’oyalarini amalga oshirish, ular faoliyatiga kredit, subsidiya va boshqa ijtimoiy yordamlarni jalb qilish;
- Xotin-qizlar o’rtasida boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish, oilaviy ma’naviy-ahloqiy qadriyatlarni mustahkamlash yuzasidan darslar o’tildi.
Har bir mavzu yuzasidan Oliy ta’lim tashkiloti vakili, moderator B. Rahimov, Shirin shahar hokimi S. Sultonov, Oila va xotin-qizlarni qo’llab-quvvatlash bo’limi boshlig’i – shahar hokimi o’rinbosari D.Umarova va boshqa mas’ul rahbarlar ma’ruza qilishdi.