Site icon Shirin shahar hokimligi

Firibgarlikni kasb qilgan ayol (Jinoyat tafsiloti)

So‘nggi vaqtlarda sodda odamlarni aldash yoki ularni ishonchini suiste’mol qilish yo‘li bilan ularning mulki yoki mablag‘larini egallashning turli ko‘rinishlarini “kashf” qilayotgan “uddaburon”lar haqida xabarlarni o‘qiyverib hech kim taajublanmay ham qoldi. Odamlar firibgarlarni to‘riga tushmaslik uchun qanchalik ehtiyotkor bo‘lishsa, firibgarlar mohir ovchi kabi ehtiyotkorlik choralarini chetlab o‘tish uchun “bilim va ko‘nikma”larini shuncha oshirib borishmoqda. Ayniqsa, firibgar o‘zing bilan birga ishlaydigan, yaqin munosabatda bo‘lgan, yoshi ulug‘, hayotiy tajribaga ega, ba’mani oila bekasi bo‘lgan ayol kishi bo‘lsa, unga qanday ishonmaysan kishi?! Ushbu ayol kishi firibgarlik yo‘li bilan pullaringni qo‘lga kiritib, sen kabi yana bir nechta yaqin dugonalarini aldab ketganligini bilganingda esa o‘z ko‘zlaring bilan ko‘rganing va quloqlaring bilan eshitganingga ishonmaysan, miyada esa bir savol aylanadi “nahotki shu ayol bunday ishlarga qodir ?”. Hikoyamiz qaxramoni Shoira Rasulova (ismi familiyasi o‘zgartirilgan) 55 yoshni qarshilagan, uch nafar farzandi bor, namunali oilaning bekasi bo‘lib, Sirdaryo viloyatidagi tibbiyot muassasasida farrosh bo‘lib ishlagan.

            Sh.Rasulova pul topishning yengilroq va tez samara beradigan yo‘li o‘zi bilan yaqin munosabatda bo‘lgan va birga ishlovchi tanishlarini aldash yo‘li bilan ularning pullarini egallash deb hisobladi va 2018-yil iyun oyida o‘zi bilan birga farrosh bo‘lib ishlovchi F.Yu.ni aldab o‘g‘li Rossiya Federatsiyasiga ishlash uchun ketayotganligi, chipta sotib olish uchun deb bir oyda qaytarib berish sharti bilan 500 AQSh dollar pularini oladi.

Oradan bir necha kun o‘tib o‘g‘li Rossiya Federatsiyasida ishlay olmaganligi, O‘zbekistonga qaytishi uchun chipta sotib olishi uchun deb, bir oy muddatda qaytarib berish sharti bilan yana 500 AQSh dollar pul olib, oradan bir necha kun o‘tib bir oyda qaytarib berish sharti bilan yaqin qarindoshi to‘y qilayotganligi, to‘yga xarajat qilishi uchun 1.500 AQSh dollar pul berib turishini so‘rab, jami F.Yu.ning 2.500 AQSh dollar pullarni firibgarlik yo‘li qo‘lga kiritib, shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuboradi.

Birovning oson kelgan puli yoqib qolgan shekilli, Sh.Rasulova o‘zi bilan birga farrosh bo‘lib ishlovchi F.M.dan jami 20.000.000 so‘mlik tilla taqinchoqlarini olib, 2020-yilni aprel oyiga qadar har oyda 1.300.000 so‘mdan pulini berishini aytib, 2020-yil may oyiga qadar 575.000 so‘m pulini berib qolgan 19.425.000 so‘m pulini bermasdan aldab ketadi.

To‘xtashni hayoliga ham keltirmagan Sh.Rasulova 2020-yil 19-fevral kuni o‘zi bilan birga tibbiyot muassasasida hamshira bo‘lib ishlovchi T.B.ga farzandi savdo bilan shug‘ullanayotganligi, aylanma mablag‘ uchun pul berib turishini, bir oyda qaytarib berish sharti bilan aldab, 8.000.000 so‘m pullarni olib ketib, qaytarishni hayoliga ham keltirmaydi.

2020-yil mart oyida esa Sh.Rasulova o‘zi bilan tibbiyot muassasasida ishlovchi S.M.ning ishonchini suiste’mol qilib, farzandi savdo do‘koni ochayotganligi sababli pul berib turishini, savdoni yo‘lga qo‘yib olganidan so‘ng, pullarini qaytarishini aytib, 6.000.000 so‘m pullarini olib ketadi.

2020-yil aprel oyida o‘zi bilan tibbiyot muassasasida ishlovchi G.T.ning ishonchini suiste’mol qilib, turmush o‘rtog‘i avtomashina sotib olayotganligi, pul berib turishini aytib va oradan bir necha kun o‘tib yana avtomashinani ta’mirlatish uchun pul berib turishini aytib, pullarni 2020-yil avgust oyiga qadar qaytarishini aytib, 78.000.000 so‘m pullarni olib, shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuboradi.

Albatta, xalqimizga bag‘rikenglik, odamiylik kabi tushunchalar yoshlikdan singdirib borilganligi sababli Sh.Rasulovaning tanishlari birdagina huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat qilishga shoshilmaydilar. Lekin eng qizig‘i shundan keyin boshlanadi.

Sh.Rasulovaning turmush o‘rtog‘i uyiga qarz so‘rab kelgan turmush o‘rtog‘ining hampkasblariga 2020-ijaraga “Jiguli” avtomashinasini olib boshqarganligi, ijara pullarini o‘zining oylik maoshidan to‘lagani, hozirda ushbu avtomashinani egasiga qaytarib bergani, ushbu avtomashinani boshqarganida, avtomashinani ta’mirlash yoki boshqa maqsadlarda turmush o‘rtog‘idan pul so‘ramagani, turmush o‘rtog‘idan avtokreditga avtomashina olishi uchun pul topib berishini ham so‘ramaganligi, turmush o‘rtog‘i pullarini nimaga sarflaganligi bilmasligini aytganida jabrlanuvchilar hushyor tortishadi.

O‘z navbatida Sh.Rasulovaning farzandi ham onasidan tijorat qilish uchun yoki Rossiya Federatsiyasiga borish uchun pul so‘ramaganligi, onasi pullarni nima maqsadda sarflaganidan xabari yo‘qligini aytganida jabrlanuvchilar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat qilishdan boshqa yo‘l qolmaganligini tushunishadi.

Sh.Rasulova sudda haqiqatda olgan pullarini farzandlariga savdo ishlari bilan shug‘ullanish uchun bermaganligi, turmush o‘rtog‘i ham avtokredit olmaganligi, qarzlari ko‘payib, tanishlaridan olgan qarzlarini ilgari olgan qarzlarini qoplash uchun ishlatib kelganligi haqida ko‘rsatma berib, qilmishlaridan chin ko‘ngildan pushaymonligini, oilaviy sharoitini inobatga olib, jazo tayinlashda yengillik berishni so‘radi.

Sud Sh.Rasulovaning ayol kishi ekanligini, muqaddam sudlanmaganligini va boshqa yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olgan holda jazo tayinladi va undan jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararlarni undirishni belgiladi.

Lekin, masalaning boshqa tomoniga e’tiboringizni qaratmoqchimiz.

Ayol deganda hammamizning ko‘z o‘ngimizga kimgadir ona, singil, opa bo‘lgan nozik xilqat keladi.

Nahotki, o‘z hamkasblariga mushtipar ayol sifatida namoyon bo‘lgan, hayotning achchiq-chuchugini tatib ko‘rgan, namunali oilaning bekasi o‘zgalar mulkini firibgarlik yo‘li bilan egallashni tirikchilik manbai qilib olgan bo‘lsa?

Bu ayanchli hikoyani Siz azizlarni e’tiboringizga yetkazishimizdan maqsadimiz ayollarimizni, umuman olganda insonlarni jinoyat yo‘liga kirishidan saqlashimiz har birimizning muqaddas  burchimiz ekanligini yana bir bor eslatib qo‘yish edi xolos. Xulosa esa  o‘zingizdan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Shirin shahar sudining raisi

X.Sarmanov

Exit mobile version