Site icon Shirin shahar hokimligi

Korrupsiya – rivojlanishga tahdid!

Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning tub mohiyati fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, uni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat. Bu borada qisqa davr ichida juda salmoqli islohotlar amalga oshirildi.
Biroq, bu islohotlar natijadorligini pasaytiruvchi, ulkan maqsadlar uchun yo‘naltirilgan mablag‘larni behuda sarflanishiga olib keluvchi illat bu albatta-korrupsiyadir.
O‘zbekiston Respublikasi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, Korrupsiya – shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishidir.
Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik esa korrupsiya alomatlariga ega bo‘lgan, sodir etilganligi uchun qonunchilikda javobgarlik nazarda tutilgan qilmish sifatida e’tirof etilgan.
Mutaxassislar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishning metodlari ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, biroq xanuzgacha bu salbiy illatni tag-tubi bilan yo‘qotish imkoni bo‘lmagan.
Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan maxsus vakolatli davlat organi hisoblanib, agentlikning asosiy missiyasi davlat va jamiyat faoliyatining barcha sohalarida korrupsiyaga qarshi kurashish standartlari va mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, jamiyatda korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirishdan iborat
Agentlikka jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya masalalari bo‘yicha murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha choralarni ko‘rish, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida korrupsiya holatini o‘rganish, byudjet mablag‘larining sarflanishi, davlat aktivlarining realizatsiya qilinishi, davlat xaridlari, investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va davlat dasturlarini bajarilishi bilan bog‘liq materiallarni talab qilib olish va o‘rganish, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik bo‘yicha ma’muriy surishtiruvlar o‘tkazish, o‘rganish bo‘yicha to‘plangan materiallarni faoliyatida korrupsiyaga oid huquqbuzarlik bo‘lgan shaxslarga nisbatan qonunga muvofiq choralar ko‘rish, jumladan jinoyat ishi qo‘zg‘atish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim qilish kabi huquqlar berilgan.
Agnetlikning saytida quyidagi faktorlarni korrupsiyani yuzaga keltiruvchi omillar sifatida ko‘rsatilgan:
1. Ikki xil ma’noni anglatuvchi qonunlar – ushbu vaziyat huquqni qo‘llovchi mansabdor shaxs tomonidan qonunlarni turlicha qo‘llash imkonini yaratadi. Shuningdek, ayrim mutaxassislar jinoyat, ma’muriy qonunchilikdagi “vilka” sanktsiyalarni ham korrupsiyaga qulay sharoit yaratishi mumkinligi haqida fikr yuritishgan. Ya’ni, sanktsiyaning aniq miqdori yo‘qligi sudyada uni o‘z hohishiga qarab qo‘llashga sharoit yaratib beradi.
2. Aholi huquqiy savodxonligining pastligi – aholi tomonidan qonunlarni bilmaslik yoki tushunmaslik mansabdor shaxsga o‘zining shaxsiy manfaati yo‘lida qonunlardan foydanishga qulay sharoit yaratadi.
3. Mamlakatdagi siyosiy vaziyatning notinchligi – mamlakatdagi notinchlik birinchi navbatda aholi ongida hayotda yuksak turmush darajasiga erishishning asosiy usuli qonunga xilof faoliyat bilan bog‘liq, degan mutlaqo axloqqa zid nuqtai nazar shakllanishiga olib keladi. Bu esa o‘z navbatida korrupsiyaga qulay sharoit yaratadi.
4. Ijro hokimiyatining birligi tamoyilining buzilishim – aynan bitta faoliyatning turli instantsiyalar tomonidan tartibga solinishi, aholining davlatni nazorat qilishdagi sust ishtiroki, davlat sektoridagi xizmat qilayotgan xizmatchilar daromadlarining xususiy sektorda topish mumkin bo‘lgan daromadlardan kamligi, iqtisodiyotning davlat tomonidan tartibga solinishi, inflyatsiyaning yuqori darajasi, mamlakat yuqori boshqaruv organlarining aholidan uzilib qolganligi, mamlakatdagi diniy va axloq qoidalari.
Shu bilan birga agentlik saytida jahon mamlakatlarida korrupsiyaga qarshi kurashishning ichki nazorat, tashqi nazorat, saylov tizimi orqali kurashish kabi usullariga ta’rif berilgan.
Biroq, korrupsiyaga qarshi kurashishda birgina davlat organlarining say’-harakati bilan natjadorlikka erishib bo‘lmaydi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishning eng samarador yo‘llari bu davlat organlari faoliyati va ish jarayonlarini shaffof qilish, ishga olish, davlat xaridlari, ruxsatnoma va litsenziya berish kabi jarayonlarda ochiq-oshkoralikni ta’minlash, davlat organlari va tashkilotlarning hisobdorligini oshirish, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari faoliyatini chinakam erkinligini ta’minlash hisoblanadi.
Bir so‘z bilan aytganda korrupsiya ko‘rinishlari sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etilishi fuqarolarning Konstitutsiyada ko‘rsatilgan huquq va erkinliklarini himoya qilinishiga, ularning hayot darajasi, davlat organlarida fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifati, investitsion muhitni yaxshilanishiga, pirovardida mamlakatimizning rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shilishiga olib keladi deb ishonch bilan aytish mumkin.

Jinoyat ishlari bo‘yicha
Shirin shahar sudining raisi

X.Sarmanov

Exit mobile version