Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mahalla fuqarolar yig‘inlarida Yoshlar ishlari agentligining vakili lavozimi joriy etildi.
Ushbu vazifaga nomzodlarni saralash uchun Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda ochiq mustaqil tanlov e’lon qilinib, yakunda mahallalarda ushbu lavozimga nomzodlar tasdiqlandi.
Sirdaryo viloyati Shirin shahridagi mahalla fuqarolar yig’inlarida ham mazkur lavozimga nomzodlar ochiq tanlov asosida saralab olindi va tayinlandi.
Joriy yilning 29-yanvar kuni Shirin shahar hokimi S. Sultonov mahallalardagi Yoshlar ishlari agentligi vakillari bilan uchrashuv o’tkazdi. Uchrashuv davomida shahar hokimi ushbu lavozimga tayinlangan yosh xodimlarni tabriklab, ularga kelgusi ish faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. Yoshlar ishlari agentligining mahallalardagi vakillari ish samaradorligini oshirish va qo’shimcha qulaylik yaratish maqsadida barcha tuman hamda shaharlaridagi mazkur lavozim egalariga viloyat hokimligi tomonidan zamonaviy planshetlar ajratilgan bo’lib, Shirin shahar hokimining yangi lavozim egalari bo’lmish yosh xodimlar bilan uchrashuvi yakunida mazkur planshetlar o’z egalariga topshirildi.