Shirin shahrini ko‘kalamzorlashtirish, hududni yanada obod qilish maqsadida bugungi kunda ko‘plab sayi-harakatlar va chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Shahar hududiga Boyovut hamda Xovos tumanidan kirib kelishda (Mirzo Ulug‘bek mahallasi orqali) Janubiy Mirzacho‘l kanalining ko‘chaga qaragan yonbag‘riga qator qilib ekilgan o‘simik ko‘pchilikni qiziqtirayotgani bor gap.
Ayrimlar bu qandaydir gul deyishsa, yana allakim bu shunchaki tibbiy maqsadda foydalaniladigan bir o‘simlik deb fikr bildiradi. Aslini olganda, haqiqatan shahar hududiga kirish va chiqishda har kimning ko‘ziga tushib turadigan bu qanday o‘simlik? Bu o‘simlik nomi – pavlovniya. Pavlovniya – dunyoda eng tez o‘suvchi, manzarali, yog‘ochi sifatli daraxt. Ushbu o‘simlik oz fursatlarda o‘sib daraxtga ko‘rinishiga keladi. Mamlakatimizda so‘ngi 5-6 yillarda pavlovniyaga qiziqish nihoyatda ortib bormoqda.
Pavlovniya Yer sharida mavjud daraxtlardan nafaqat eng tez o‘sishi bilan ajralib turadi, balki xayoliy go‘zallik kashf etib gullashi, qimmatli yog‘och, asal, biomassa manbai ekanligi bilan qadrlanadi, u manzarali daraxt sifatida istirohat bog‘lari, xiyobonlarni bezaydi. Shu bilan bir qatorda, suvsiz, qurg‘oqchil yerlarda ham ko‘p parvarish talab etmay, bemalol unib o‘sib keta oladi.
Joriy yil may oyining boshlarida shaharda ekilgan 10 sm uzunlikdagi pavlovniya ko‘chatlari bugunga kuna kelib 1 m va undan oshiq.
Ma’lumot uchun, Shirin shahrida joriy yilning may oyida 5000 tub pavlovniya ko‘chatlari ekilgan.
Shuni ham ta’kidlash joizki, bu borada “Respublikada tez o‘suvchi va sanoatbop pavlovniya daraxti plantatsiyalarini barpo qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (520-son, 27.08.2020 y.) qabul qilingan.
Shirin shahar hokimligi Axborot xizmati